Institut rasm

Institut tarixi

T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti
Institutning asosiy ilmiy pedagogik faoliyat yo‘nalishlari: T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining respublikada umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quv-tarbiya jarayonini samaradorligini oshirish yuzasidan fundamental, amaliy va innovatsion yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib boruvchi va muvofiqlashtiruvchi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasidir.
Institutning asosiy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari: “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim mazmunini rivojlantirish strategiyasi”, “Hozirgi zamon informatsion texnologiyalariga asosan uzluksiz ta’lim modelini shakllantirish istiqbollari”, “Uzluksiz ta’lim jarayonida o‘quvchilarda qat’iy tolerantlik dunyoqarashini shakllantirishning ijtimoiy pedagogik imkoniyatlari” va “Yosh avlodni tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida munosib tarbiyalash, ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali, shuningdek, boshqaruv kadrlarni tayyorlash muammolarini tadqiq etish” Davlat dasturi asosida faoliyat olib boradi.
O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti 1929 yilning 17 yanvarida tashkil qilindi. “O‘zbekiston davlat ilmiy tadqiqot instituti va uni harakatga keltirish haqidagi Nizom” shu yilning 18 fevralida qabul qilindi hamda mazkur yilning 5 iyunida Institutning vaqtli prezidiumi, shuningdek, O‘zbekiston davlat ilmiy tadqiqot instituti prezidiumining haqiqiy a’zolari tasdiqlandi. O‘zbekiston davlat ilmiy tadqiqot instituti 1929 yil 15 iyunda Samarqand shahrida respublika Maorif xalq komissarligi tasarrufida ish boshladi. Keyinchalik respublika poytaxtining ko‘chirilishi munosabati bilan 1931 yilda Institut Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsata boshladi.
Institutda XX asrning 30-yillaridayoq o‘zbek tili va adabiyotidan qator o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, dastur va darsliklar yaratildi. O‘quv dasturlari va darsliklarni yaratishda yozuvchilar, tilshunos hamda adabiyotshunos olimlar faol ishtirok etdilar. Bu savobli ishda ayniqsa A.Avloniy, A.Sa’diy, H.Olimjon, Oybek, Uyg‘un, M.Shayxzoda hamda Oqilxon Sharofiddinovlar jonbozlik ko‘rsatdilar. Oqilxon Sharofiddinov tomonidan yaratilgan “Alifbe” kitobi ilk bor 1934 yilda chop etildi. Institutda 1934 yilda Ilmiy kutubxona tashkil etildi va bu kutubxona yuzlab salohiyatli pedagog-olimlarning yetishib chiqishiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shdi.
O‘zbekiston Pedagogika ilmiy tadqiqot instituti 1939 yildan O‘zbekiston Maktablar ilmiy tadqiqot instituti (O‘zMITI) nomi bilan yuritila boshlandi. 1941 yilda Institut respublika Maorif xalq komissarligining metodika boshqarmasi bilan birlashtirildi. Keyinchalik institutning nomi qayta ko‘rilib, unga 1946 yilda “O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti” nomi berildi. Xalq ta’limini qayta qurish va rivojlantirish taqozosi bilan Institutda yangi bo‘limlar ochilib bordi, tadqiqotlar ko‘lami kengaydi, yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar Itayyorlashga e’tibor ortdi.
Institut qoshida 1960 yilda aspirantura, 1994 yilda doktorantura tashkil etildi. Bugungi kunda institutning katta ilmiy xodim izlanuvchilari respublikamizning ilmiy-pedagogik kadrlari salohiyatnini yuksaltirish ishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
O‘z faoliyatini 1929 yilda 24 nafar ilmiy xodim bilan boshlagan O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida bugungi kunda 44 nafar ilmiy xodim bo‘lib, ulardan 10 nafari fan doktori, professorlar, 14 nafari fan nomzodi, dotsentlardir.
Respublikada ta’lim sohasidagi “Uzluksiz ta’lim”, “Fizik, matematika va informatika” kabi ilmiy-uslubiy jurnallar ham Institut tasarrufida faoliyat yuritib, uning nufuzi, shuhrati va obro‘sini oshirishga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
1967 yilda Institutning Qoraqolpog‘iston Respublikasidagi filiali tashkil etildi. T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ni hayotga tatbiq etish talablaridan kelib chiquvchi fundamental, innovatsion hamda amaliy loyiha yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Chet ellik hamkorlar bilan birga ta’limni rivojlantirish strategiyasi doirasida ta’lim mazmuni, jarayoni, tuzilmasi, ta’lim sohasining mustahkamligi va samaradorligi, ta’limni boshqarish tizimini isloh qilish va ta’lim xizmatlari sifatini oshirishni modernizatsiyalash vazifalari amalga oshirilmoqda. Xalqaro ta’limiy hamkorlikni ta’minlashda O‘zbekiston pedagogika fanini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.
Hozirgi kunda institut Qozog‘iston Pedagogika fanlari akademiyasi, Ukraina universitetlari, Rossiya va Moldaviya ilmiy muassasalari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatgan. Ular milliy pedagogika fanimizning nufuzini doimiy ravishda turli xalqaro konferensiya va seminarlar(Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston)da ishtirok etish jarayonida muntazam qo‘llab-quvvatlamoqdalar.